20:52 Bolam uyni sotma Qiynalib qolasan (Ibratli hikoya) |
Bir vaqtlar ma’naviyatli insonlar davrasida bo‘lganimda, bobomiz Alisher Navoiy to‘g‘risida bir rivoyat eshitgandim. Ertamiz egalari farzandlarimizga ham o‘qib bering. Kunlarning birida hazrat Alisher Navoiy huzuriga bir chol kelib, hasratini aytibdi: «…yoshim o‘tdi, jonim Allohga, omonat. Lekin, bir o‘g‘lim bor, uni yaxshi tarbiyalay olmadim, hunar o‘rganmadi, ishyoqmas, dangasa. Agar unga qolsa, mendan keyin uyni sotmoqchi, boshpanasiz qoladi. Bu holat meni tashvishga solmoqda, hazratim yordam bering…”. Alisher Navoiy, cholni yupatibdi, kelgusida uning o‘g‘liga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishini va uy-joyini sotish fikridan qaytarishini aytibdi. Vaqt o‘tib, chol ham vafot etibdi. Uning vasiyatiga ko‘ra, yetim qolgan o‘g‘il hazratning oldiga kelibdi, kelgusida ota uyini sotib biror savdo ishini boshlamoqchiligini bildiribdi. Shunda Navoiy: «…niyatingiz yaxshi o‘g‘lim, lekin uydagi tandir eski, agar yangi tandir qursangiz, qimmatroq narxda uyni sotasiz…” — deb ishontiribdi. O’g‘il ishga kirishibdi. Qo‘shni qishloqdan aravada kelayotganda tandir sinib qolibdi. Ertasiga yana borib ikkinchi marta tandir olibdi, uyiga keltiribdi, uni ham supaga ko‘tarayotganda sindirib qo‘yibdi. Bu holatdan o‘g‘il achchiqlanibdi. Nima ham qilardi, endi uchinchi tandirni olib kelibdi, o‘rnatibdi, loy chaplashni boshlabdi. U ishidan mamnun edi…. Kutilmaganda, loydan namiqib tandir tomi sinib tushibdi. Endi o‘g‘il tanasiga sig‘may g‘azablanib, ketmon, zambillarni ostin-ustin qilibdi, boshini ushlab dod solibdi…. Nogahon otasining «…o‘g‘lim, uyni sotma, qiynalasan…” — deb zorlangani uning hayolidan o‘tibdi. Otasidan qolgan uyga uzoq tikilib turibdi, chuqur xo‘rsinib: «Menga bu uyni qurish uchun rahmatli otam ko‘p zahmat chekkan ekan-da, men nodon o‘g‘il, tandirni qurishga qurbim yetmadi-yu, uyni sotmoqchi bo‘libman…” — deb, o‘zining qilmishidan pushaymon bo‘lib, zor-zor yig‘labdi. Axir oqibat, o‘g‘il uy sotish fikridan qaytib, hazrat Navoiyga qulluq qilibdi, solih farzand bo‘lishga so‘z beribdi. Qissadan hissa shuki, sharqona odobga ko‘ra, ota-bobolarimizdan qolgan moddiy va ma’naviy merosni qadrlashimiz lozim. El-yurt ham aqlli, bilimli va hunarli yoshlarni ardoqlaydi. Badriddin Hiloliy aytadi: Tirishib topmasang bir hunar — yuz ayb, Bir hunar yopadi, bo‘lsa gar — yuz ayb. Bor esa hunaru aql ham ta’miz, El nazdida doim ul kishi aziz. G’afurjon Yuldashev |
|
Всего комментариев: 0 | |