Главная » 2016 » Май » 12 » Yozda yoqqan qor (Ibratli hikoya)
16:40
Yozda yoqqan qor (Ibratli hikoya)

Nimjongina Abror yoshligidanoq futbol shaydosi edi. Har kuni maktabdan qaytgach, mahalla bolalariga qo‘shilib to‘p tepish ilinjida maydonchaga yo‘l olardi. Ammo bolalar uni hech o‘z saflariga olishni istashmas edi. Ko‘ngli cho‘kkan bola bir kuni yurak yutib jamoa murabbiyiga dedi:

— Men ham hech bo‘lmasa bir marotaba o‘ynay?

Murabbiy unga bir muddat bepisandlik bilan qarab turib:

— Mayli, o‘ynaysan. Faqat imkoning bo‘lganda.

— Qanday imkoniyat?

— Qor yog‘sin. O‘shanda balki bir-ikki o‘yinda ishtirok etarsan.

Abror murabbiyining gapidan boshi ko‘kka yetib, bu safar ularning o‘yinini o‘zgacha zavq bilan tomosha qildi. O‘yin nihoyasiga yetgach, uyiga bamisoli yelib keldi.

— Oyi! Oyijon!

— Ha, bolam? Tinchlikmi? Namuncha og‘zing qulog‘ingda?

— Oyijon, qor…

— Nima qor?

— Qor qachon yog‘adi?

— Qishda yog‘adi-da, o‘g‘lim, qishda.

— Haligi… ertaga ham yog‘ishi mumkinmi?

— Jon bolam, hozir — yoz chillasida qor nima qiladi?

— Shunaqami? — bolakay o‘ylanib qoldi. — Oyi, qorni kim yog‘diradi o‘zi?

— Albatta Alloh.

— Unday bo‘lsa Allohning o‘zidan so‘rasam-chi?

— Sen qorni nima qilasan?

— Jamoa murabbiyi aytdiki, agar ertaga qor yog‘sa, meniyam o‘yinga qo‘shisharkan.

Buni eshitib onaning ko‘zi namlandi:

— Shunday de? Oh, bechoraginam!

Onasining ahvolidan bexabar Abror uning aytganlariga ishonib xonasiga kirib ketdi. Birozdan keyin dilbandidan xabar olgani kirgan ona uni joynamoz ustida ko‘rdi. Bola astoydil, chin dildan duo qilardi, eshik ochilganini sezmadiyam!

Ertasiga, yoz chillasida… qor yog‘di. Hamma hayratdan lol. Faqat murabbiygina gap nimadagini anglab yetdi.

Keyingi mavsum bolalar oliy ligasiga chiqqan jamoaning barcha o‘yinlarida Abror to‘liq qatnashdi.



“Irfon” taqvimi”dan olindi

 
Категория: Hikoyalar / Hayotiy, tasirli, real voqealar | Просмотров: 1341 | Добавил: vodiysoz | Теги: tasirli hikoyalar, super hikoyalar, yozda yoqqan qor, yangi voqealar, bo'lgan voqealar, ibratli hikoyalar, ibratli voqealar, Real, qiziqarli hikoyalar | Рейтинг: 1.0/7
Всего комментариев: 0
avatar