20:27 Onajonim |
O‘zni o‘ylab yashayapman qilmishimga yillarim guvoh, Asli jonim qo‘yningizda topgandi-ku malham, panoh, Bu qandayin jinoyatdir, o, ayting, bu qanday gunoh, Yukingizni yelkangizdan ololmadim, jonim onam, Qalbingizga zarra sevinch sololmadim, jonim onam. Qizganmadingiz mendan hech kuningiz ham tuningizni, Eshitmadi biror kimsa zarra nolish-uningizni, Kechirgansiz ming martalab bu telba-majnuningizni, Yukingizni yelkangizdan ololmadim, jonim onam, Qalbingizga zarra sevinch sololmadim, jonim onam. Suvlar kelsa shimiryapman, mudom g‘amlar kelsa yutib, Yashayapman bir «pari»ning qo‘llaridan mahkam tutib, Farzandimdan o‘zimga ko‘p e’tiboru mehr kutib... Yukingizni yelkangizdan ololmadim, jonim onam, Qalbingizga zarra sevinch sololmadim, jonim onam. Nur mexringiz xatto quyosh taftidan ham issiq, iliq, Mehnat qilib yorilgan bu kaftlaringiz bunchalar «silliq», O. shuncha ko‘p yashadimmi chiqarib ming turli «qiliq», Yukingizni yelkangizdan ololmadim, jonim onam, Qalbingizga zarra sevinch sololmadim, jonim onam. Derlar: asli o‘g‘il bola bo‘lar bebosh, o‘yinqaroq, Xavotirga solib sizni men ham ketdim ko‘p bor yiroq, Qarg‘amasdan, duo bilan chorladingiz har gal biroq, Yukingizni yelkangizdan ololmadim, jonim onam, Qalbingizga zarra sevinch sololmadim, jonim onam. Qarzlarimni sizga qachon qaytaraman, bilolmayman, Nahot umrim so‘ngigacha chin farzandlik qilolmayman? Shuni o‘ylab o‘rtanar jon, hech o‘zimga kelolmayman, Yukingizni yelkangizdan ololmadim, jonim onam, Qalbingizga zarra sevinch sololmadim, jonim onam. |
|
Всего комментариев: 0 | |