Главная » 2016 » Декабрь » 21 » Juftingiz hislarini oshkor qilmasa... ayollarga 5 maslahat
11:55
Juftingiz hislarini oshkor qilmasa... ayollarga 5 maslahat

Gapni uzoqdan emas, o`zimdan boshlay... Ochig`i, juda ta`sirchanman. Meni yig`latish ham, yuzimda tabassum paydo qilish ham juda oson. O`y-xayollarimni birovga aytishim shart emas, ichki kechinmalarim yuz-ko`zimda namoyon bo`ladi-qoladi. Turmush o`rtog`im esa mening tamomila aksim. Jiddiylik va og`ir-bosiqlikda undan o`tadigan yo`q. Bitta gap ko`p, yarimtasi oz! Eh, oltin o`rtalikni topishni o`rgangunimga qadar qancha sochim oqardi... Lekin mehnatim evaziga juftim tuyg`ularini oshkor qilishiga erishdim!

MENGA O`XShAGANLAR QANChA...

Men kabi juftini hissiz deb o`ylagan dugonalarimni sanab sanog`iga etish qiyin. Ruhshunoslarning ta`kidlashicha, ayollar tabiatan o`z ichki kechinmalarini oshkor qilishga, ular haqida juftiga aytishga moyil bo`ladi. Erkaklar esa buning aksi. Biroq chiqmagan jondan umid deganlaridek, kuchli jins vakillari bir og`iz bo`lsa-da shirin so`z aytishini, e`tibor va mehrlarini bizdan  ayamasliklarini kutib yashashda davom etamiz. Nazarimizda, juftimiz hushomadni o`rniga qo`ysa, baxtli ekanligiga iqror bo`ladigandek.

AQL BILAN ISh TUTGAN YaXShI(MI?)

Agar juftingizga hammadan chiroyli va betakror ko`rinish uchun do`konma-do`kon aylanib, xarid qilgan ko`ylagingiz yoki go`zallik salonida to`rt soat o`tirib turmaklatgan sochingiz haqida chiroyli maqtovlar eshitaman deb xomtama bo`lmang... Erkaklar mantiqan baho berishga odatlanganini unutib qo`ymang deymiz-da. Ular o`ylagan narsasini bir og`iz so`z bilan ham ifodalay olishadi. Masalan, «Bo`ladi», «Yaxshi», «Yomon emas», «Tushunmadim», «Xo`sh, nima bo`pti?» va hokazo. Hushomad qilish haqida esa umuman gap bo`lishi mumkin emas. Axir ularni bolalikdanoq fikrlash va vaziyatga oqilona baho berishga o`rgatishgan.

OVChI O`LJASIGA RAHM QILMAYDI!

Har bir erkak fe`l-atvorida etakchilik hamda ovchilik hissi tabiatan bor. Ayol esa uyning o`chog`i gurillab turishini ta`minlaydi. O`z oldiga qo`ygan maqsadi va umidlari turli xil bo`lgan bu ikki jins vakillarining tarbiyasi ham turlicha ekanligini inobatga olish darkor. Ayolga omad ortidan quvish begona, erkakka esa «maslahat oshi» qilib, rejalarini muhokama qilib o`tirish yot. Kuchli jins vakillari o`zini doim kurash maydonida yurgandek his qiladi. G`oliblik shohsupasiga chiqish uchun esa hissiyotlarga berilish halal beradi. Axir ovchi o`z o`ljasiga shavqat qilsa, butun oilasi och qolishi hech gap emas. Erkaklar ana shu prinsip asosida yashaydi va unga ko`ra hissiyotlarini hech kimga ko`rsatmaslikka intiladi. 

«ELKANGIZGA KO`TARING, BOShINGIZGA O`ZIM ChIQAMAN!», DESA-ChI?!

Erkaklarning aksariyati juftiga sevgi izhor qilsa, o`z erkinligini yo`qotadigandek tuyuladi. Bu qo`rquv hissi qanchalar haqiqatga yaqin yoki uzoqligini aniq aytolmasak-da, ko`p narsa ayolning hayotiy qarashlariga bog`liq ekanini tan olamiz. Biroq bir narsani bemalol aytishimiz mumkin, ayol uni chin dildan sevgan yori qo`lida qo`g`irchoqdek emas. Axir u oilasining boshlig`i-ku! Ayol nima desa «Xo`p» deydigan erni emas, balki mehri va e`tiborini ayamaydigan tog`dek suyanchiqni istaydi.  Aziz erkaklar, shu sababli qo`rqmay o`z hislaringizni oshkor etavering!

XULOSA O`RNIDA

Eringizni his-tuyg`ulari haqida gapirishga o`rgatish oson kechmasligi mumkin. Sabrli bo`ling, shunda ko`zlangan natijaga erishasiz. Erkaklar suhbatni munosabatlarga oydinlik kiritishdan boshlashni yoqtirishmaydi. Kirishi ana shunday boshlangan suhbatning oqibati ijobiy bo`lishini kutgan befoyda... Turmush o`rtog`ingizga bosim berganingiz sari u sizdan o`zini olib qochadi. Yaxshisi, hazil aralash, muloyimlik bilan so`zlang. Zora ko`ngli erib, oxiyri tuyg`ularini oshkor qilsa....

 Dilnoza MIRTOLIPOVA tayyorladi.

Категория: Ayollar uchun | Просмотров: 915 | Добавил: ziyomusic8020 | Теги: qiziqarli yangilik, eng qiziqarli malumotlsar, qizlarga maslahatlar, ayollarga, Juftingiz, hislarini, oshkor, qilmasa..., ayollarga maslahatlar, Maslahat | Рейтинг: 5.0/14
Всего комментариев: 0
avatar