Главная » 2016 » Декабрь » 21 » «Qaynonamning ardoqli kelinman-u, yorimga begonadekman...»
13:32
«Qaynonamning ardoqli kelinman-u, yorimga begonadekman...»

— Qaynonam avvalboshdan o`qigan qizni kelin qilaman, deb og`iz ko`pirtirib yurarkan. Hatto, o`qimagan deya o`g`li ko`rsatgan nomzodlarning barini inkor etgan paytlari ham bo`lgan ekan. Shuning uchun ham o`g`lini o`zi istagan qizga, ya`ni menga uylantirdi. Yosh kelinligimda uy yumushlarini yaxshi uddalasam, «Barakalla, o`zimning kelinimsiz-da, o`zim tanlaganman sizni», degan so`zlarni eshitardim. Bu maqtovdan ko`nglim tog`dek ko`tarilib ketardi. To`ydan oldin esa bo`lajak turmush o`rtog`im «Men bir nochor qizga ko`maklashib turaman, turmush qurganimizdan keyin bu ishimga to`sqinlik qilmaysiz», deb shart qo`ygan. Men sodda hech narsani tushunmay rozi bo`laverganman. Mana, oradan bir necha yil o`tdi, qo`chqorday o`g`ilni dunyoga keltirdim, lekin turmush o`rtog`imning mehrini to`laligicha qozona olmadimmi, deb qo`rqaman. U kishi o`zi ishlaydigan tashkilotda farroshlik qiladigan bir qizga moddiy tomondan ko`maklashib turadi. Bor muammo shunda bo`lsa, hech so`z demasdim. Ammo menga nisbatan munosabati sovuq, doim ishdan qorni to`q keladi, axir erkak kishi yarim kosa sho`rvani «ko`rdim» demaydi-ku, erim bo`lsa «Ko`p suzibsan» deya tanbeh bergani-bergan. To`yimizda kuyovjo`ralik qilgan do`stining xotini bilan gaplashib qolgandim. Aytishicha, o`sha erim ko`maklashib yuradigan qiz engiltak bo`lib, erkaklarning «sahovatpesha»ligidan foydalanib yurarkan. O`sha qizni deb uyimizda kunda-kunora janjal, hatto qaynonam bilan ham oramizga sovuqchilik tushgandek. Yoki men haddan tashqari rashkchimanmi, bilmadim? Nima qilsam, turmush o`rtog`im bilan munosabatlarimiz yaxshilanadi? Maslahat bering.

 Qaynonajon: — Qaynonasining mehrini qozongan kelin ekansiz, rahmat sizga. Biroq o`rinsiz rashk, hatto onaning ham ko`nglini sovutishi mumkin, qizim. «Nahot bolamga ishonmaydi, o`g`lim shunchalik yomonmi…» degan fikrlar ona sho`rlikning aqlini egovlayveradi-da. Ona — ona-da! Qora qo`ng`iz ham bolasini oppog`im, der ekan. Balki sizning gumonlaringizda jon bordir, o`ta rahmdil odamlar muhtoj kimsaga yaxshilik qilishni, moddiy jihatdan qo`llab-quvvatlashni afzal sanaydilar. Ota-bobolarimiz bu jihatdan yaxshilik, hayr-ehson va muruvvat ko`rsatishning me`yorlarini aniq bilishgan va shunga amal qilishgan. Yaxshilikni haddan oshirmaslik uchun yordamini mahalla, o`sha ayolning erkak karindoshi yoki o`z onasi, ayoli orqali amalga oshirsa, ma`qul ish bo`lardi. Oilada badgumonlik, janjal ham bo`lmasdi. Ona qizim, oila mustahkamligiga putur etmasligi uchun ushbu fikrlarni qaynonangizga aytib maslahat soling. Shunda six ham, kabob ham kuymasa kerak, deb o`ylayman. Xo`jayin bilan chiroyli munosabatni sira buzmang. Oqibati xayrli emas. Rostmi, yolg`onmi bu gaplardan xafsalasi pir bo`lib, eringiz «bor-e» deb yubormasin tag`in. Erkaklarning bu borada sirkasi suv ko`tarmaydi. Ehtiyotkorlik muhim, baxtni qo`ldan chiqarmang. Yaxshi gap yaxshi, bolam. Avvalo ko`ngilni pok tutishga urining. Jufti halolingizga ishoning. Mabodo gumonlar ich-etingizni kemirsa ham, bilintirmay turib, «muolaja»sini  kechiktirmay, qaynonangiz bilan maslahatlashib, amalga oshiring. Bilsangiz, bu masalada qaynona onangizdan ham yaqin sirdosh, maslakdosh bo`la oladi. Chunki xech bir ona farzandining oilasi parokanda bo`lishini yoki  boshqa bir ayol qo`lida o`yinchoqqa aylanishini istamaydi. Oilangiz tobora mustahkamlanishini tilab qolamiz.  

Shahnoza XALILOVA, ruhshunos: — Hayotda turli vaziyatlar bo`ladi. Ba`zan ayollar o`rinsiz rashk tufayli begunoh bir insonning sha`niga dog` tushirishlari yoki o`zlaridan sovutib yuborishlari ham mumkin. Buning oldini olish uchun esa birinchi galda shubhalarni tutundek tarqatib yuborish shart. Aslo shubhaga tayanib qaror qabul qilmang. Aks holda keyin afsuda qolishingiz hech gap emas. Ba`zan «sahovatpeshalik» niqobi ostida faqat o`z nafsinigina o`ylaydigan kishilar ham uchrab turadi. Bunday erkaklarni qaynonasi yordamida yo`lga solgan ayollarni uchratish mumkin. Ya`ni o`zi bilmagan kishi bo`lib, qaynonasi orqali birovning eriga ilakishib yurgan ayolning mahalladoshlari, ota-onasi, qon-qarindoshlari oldida tanobini torttirib qo`ygan xotinlarni ham ko`rganmiz. Hayot, bu — sinov. Ba`zida sinovlarga sabr qilish kerak bo`lsa, ba`zan o`ziga tegishli narsalarni himoya qila olish lozim. Qay yo`lni tanlashni esa vaziyatga qarab, kishining o`zi hal etishi darkor.

Saodat Ochilova yozib oldi.

Manba: Darakchi.uz

Категория: Foydali maslahatlar/Kerakli maslahatlar | Просмотров: 821 | Добавил: vodiysoz | Теги: eriga yoqish sirlari, ardoqli, «Qaynonamning, yorimga, fikr mulohaza, eng ajoyib maqolalar, erimga qanday qilib yoqsam bo'ladi, begonadekman, kelinman-u | Рейтинг: 5.0/5
Всего комментариев: 0
avatar