 Chiroyli tabassum va sog‘lom tishlar darhol e’tiborni tortadi va har doim suhbatdoshni sizga moyil qiladi. Holbuki maftunkor tabassumga ega bo‘lish qiyin emas, buning uchun barchamiz bolalikdan biladigan asosiy qoidalarga amal qilishning o‘zi kifoya. Muhimi ularni muntazam ravishda va puxtalik bilan bajarish zarur.
1-qoida — tishlarni muntazam ravishda tozalash
Tishlarni muntazam ravishda, ya’ni kuniga ikki marta tozalash zarurligini deyarli barchamiz bolalikdan bilamiz, biroq hammayam bu qoidaga amal qilmaydi. Ko‘pchilik tishlarni kechqurun tozalashni unutib qo‘yadi. Holbuki, aynan kechki tozalash ishlari tishlari kariesdan ko‘proq himoya qiladi. Buning ustiga, stomatologlar tishlarni har safar ovqatlangandan keyin tozalagan ma’qul, deb hisoblaydi.
Tishlarni nafaqat muntazam ravishda, balki to‘g‘ri tozalashni ham bilish kerak. Buning uchun kamida ikki-uch daqiqa davomida cho‘tka bilan yumshoq va qisqa harakatlarni amalga oshirish lozim. Milklarni cho‘tka bilan qattiq bosmang, bu ularning shikastlanishiga va ta’sirchan bo‘lib qolishiga sababchi bo‘ladi. Shuningdek, tishlarni gorizontal tarzda tish qatorlari bo‘ylab harakatlangan holda tozalash ham mumkin emas. Bu holatda tishga yopishgan qoldiqlar tozalanmaydi, aksincha tishlar orasiga tushib qoladi. Tish tozalashda katta oziq tishlarga, milklar chizig‘iga hamda plombalar va koronkalar atrofidagi sohalarga alohida e’tibor qaratish zarur.
2-qoida — mos keladigan tish cho‘tkasini tanlash
Og‘iz bo‘shlig‘ini tozalash uchun birinchi navbatda tishlar va milklarning holatini hisobga oling. Tish cho‘tkasi aynan sizga mos keladigan optimal qattiqlikda bo‘lishi kerak. O’rtacha qattiqlikdagi cho‘tka universal variant hisoblanadi. Miklari va tish emali bilan muammolarga ega kishilar esa asosan yumshoq cho‘tkadan foydalangani ma’qul.
Shu o‘rinda nafaqat tish cho‘tkasini to‘g‘ri tanlash, balki uni to‘g‘ri tozalash ham muhimligini qayd etish joiz. Ish cho‘tkasi kamida uch oyda bir marta va kasalliklardan keyin almashtiriladi, har safar tish tozalanganidan so‘ng issiq suvda yuviladi va quritiladi. Bundan tashqari, mutaxassislar bolalar va kattalarning tish cho‘tkalarini bitta stakanda saqlashni tavsiya etmaydi, chunki kasallik tug‘diruvchi bakteriyalar va mikroblar osongina «qo‘shni o’ekt”ga o‘tishi mumkin.
3-qoida — tish ipidan foydalanish
Tish cho‘tkasi og‘iz bo‘shlig‘ini to‘liq tozalashga qodir emas. Tishga o‘tirib qolgan va tish oralig‘iga tushgan ovqat qoldiqlarini maxsus tish ipi – floss tozalashga yordam beradi.
Stomatologlar tish ipidan har kuni foydalanishni tavsiya etadi, chunki ovqat qoldiqlari karies va og‘iz bo‘shlig‘ining boshqa kasalliklariga olib kelishi mumkin. Tishlar orasi milklar chizig‘ini takrorlovchi yumshoq harakatlar bilan tozalanadi. Bunda ip bilan keskin harakatlar qilmang, u milkni yaralashi mumkin.
4-qoida — muntazam ravishda stomatolog qabulida bo‘lish
Tishlar salomatligi og‘iz bo‘shlig‘ining to‘g‘ri gigienasi bilan belgilanib qolmasdan boshqa ko‘plab omillarga ham bog‘liq bo‘ladi. Noto‘g‘ri ovqatlanish, stresslar, to‘yib uxlamaslik, zaiflashgan immunitet ham tishlar va milklarning holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois sizni tish og‘rig‘i bezovta qilmasa ham profilaktika uchun yiliga 1-2 marta stomatologga murojaat qiling.
Afsuski, aksariyatimizni faqat kuchli og‘riq shifokor huzuriga borishga majbur qila oladi. Shu bois aholining katta qismi o‘z tishlaridan erta mahrum bo‘lib, protezga o‘tadi. Esingizda bo‘lsin, tishlarga e’tiborsizlik oqibatlari bilan kurashgandan ko‘ra, muammoni o‘z vaqtida aniqlab, og‘iz bo‘shlig‘i bilan bog‘liq jiddiyroq kasalliklarning oldini olgan ma’qul.
|